O‘zbekistonda murojaatlarni baholash SMS-servisi ishga tushirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston aholisi davlat organlariga yuborgan murojaatlarining ko‘rib chiqilish jarayonini internet orqali mustaqil ravishda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Javob olingandan so‘ng fuqarolar uni baholashi va zarurat bo‘lganda murojaatni qayta ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirishi mumkin. Bu haqda Prezidentning Xalq qabulxonasi xabar berdi.
Yangi fikr-mulohaza servisi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan bo‘lib, SMS-xabarnomalar asosida ishlaydi. Murojaatni ko‘rib chiqishning har bir bosqichi haqidagi maʼlumot pm.gov.uz saytidagi shaxsiy kabinetda aks ettiriladi, xabarnomalar esa fuqaroning ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamiga ham yuboriladi.
Murojaat ko‘rib chiqilib, unga javob tayyorlangandan so‘ng fuqaroga maxsus havola ko‘rsatilgan SMS-xabar yuboriladi. Ushbu havola orqali shaxsiy kabinetga kirib, javob bilan tanishish va ko‘rib chiqish natijasini baholash mumkin.
Agar fuqaro olingan javobga rozi bo‘lsa yoki muammo hal qilingan deb hisoblasa, “Roziman” tugmasini bosadi. Agar javob uni qoniqtirmagan yoki masala hal etilmagan bo‘lsa, «Menda eʼtiroz bor» opsiyasi nazarda tutilgan. Bunday holatda murojaat qayta ko‘rib chiqish uchun ijroga qaytariladi.
Shu tariqa, yangi mexanizm fuqaroga murojaat yuborish va uni ko‘rib chiqishdan tortib, javob olish hamda ko‘tarilgan muammoning qay darajada hal etilganini baholashgacha bo‘lgan butun jarayonni nazorat qilish imkonini beradi.