7
O‘zbekiston

Saida Mirziyoyeva Istanbulda universitet va maktabga tashrif buyurdi

Saida Mirziyoyeva Istanbulda universitet va maktabga tashrif buyurdi
Saida Mirziyoyeva Istanbulda universitet va maktabga tashrif buyurdi / Foto: O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Istanbulga tashrifi davomida Ibn Xaldun universiteti va Yenidogu maktabiga bordi. Shuningdek, u Turkiyaning Baykar kompaniyasida yuqori texnologiyalar va mudofaa sanoati sohalarida ishlab chiqilgan loyihalar bilan tanishdi.

Taʼlim muassasalariga tashriflar Nejmeddin Bilol Erdog‘an bilan birgalikda amalga oshirildi.

Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu muassasalarda qo‘llanilayotgan taʼlim usullari, taʼlim sifatini oshirish, yoshlarning qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish va mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar alohida qiziqish uyg‘otdi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va Turkiya taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish, maktab o‘quvchilari, talabalar va o‘qituvchilar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mirziyoyeva taʼlim sohasidagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning muhim tarkibiy qismi ekanini taʼkidladi. Uning qayd etishicha, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik yoshlarning rivojlanishiga va O‘zbekiston hamda Turkiya xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Dasturning alohida qismi Baykar majmuasiga tashrifdan iborat bo‘ldi. U yerda Prezident Administratsiyasi rahbari kompaniyaning yuqori texnologiyalar, jumladan, mudofaa sanoati sohasidagi loyihalari bilan tanishdi.

U Turkiyaning texnologik yutuqlari ortida ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlar, muhandislarning mehnati va milliy texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar turganini taʼkidladi.

Mirziyoyevaning fikricha, Turkiya tajribasi O‘zbekiston uchun amaliy ahamiyatga ega.

Shuningdek, u ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish va texnologik loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.