Xalqaro valyuta jamg'armasining texnik missiyasi Bojxona qo'mitasida ish boshladi
Xalqaro valyuta jamg'armasining texnik missiyasi Bojxona qo'mitasida ish boshladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasida Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) texnik missiyasi o‘z ishini boshladi.
Tadbirda Bojxona qo‘mitasi Raisining o‘rinbosari N.Musamuxamedov boshchiligidagi qo‘mita vakillari hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Fiskal ishlar departamenti eksperti, missiya rahbari Muhammad Ehteshamul Hoq boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatimiz bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xavflarni boshqarish tizimini takomillashtirish, bojxona auditini rivojlantirish, raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish hamda Bojxona qo‘mitasining o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik bojxona maʼmuriyatchiligini modernizatsiya qilish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish va ilg‘or xalqaro tajribalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladilar.
Missiya doirasida Bojxona qo‘mitasining Xavflarni boshqarish, Bojxona auditi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlik, Strategik rejalashtirish hamda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish yo‘nalishlaridagi mutaxassislari ishtirokida amaliy uchrashuvlar, muhokamalar va taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
2026 yil 31 iyulga qadar davom etadigan mazkur texnik missiya yakunida O‘zbekiston bojxona tizimi samaradorligini yanada oshirish, xavflarni boshqarish va bojxona nazoratini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqilishi kutilmoqda.