O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish 23%ga oshdi

UzDaily tahririyati · 25.07.2026 · 14:45 · 31 views
O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish 23%ga oshdi

O‘zbekistonda “yashil” energiya ishlab chiqarish 23%ga oshdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan 7 milliard kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga ko‘pdir.

Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, mamlakatda umumiy o‘rnatilgan quvvati 5 602 MVt bo‘lgan 21 ta “yashil” energiya ishlab chiqarish obyekti faoliyat yuritmoqda. Ular tarkibiga umumiy quvvati 3 930 MVt bo‘lgan 15 ta quyosh elektr stansiyasi hamda quvvati 1 672 MVt bo‘lgan 6 ta shamol elektr stansiyasi kiradi.

So‘nggi yillarda “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi izchil o‘sib bormoqda. Xususan, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 434 million kVt·soatni, 2023 yilda 576,9 million kVt·soatni, 2024 yilda 4,9 milliard kVt·soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 10,5 milliard kVt·soatga yetgan.

Umuman olganda, 2022 yildan 2026 yil iyul oyiga qadar O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan 23,4 milliard kVt·soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Taʼkidlanishicha, buning natijasida taxminan 6,24 milliard kub metr tabiiy gaz tejalgan va atmosferaga qariyb 13,46 million tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olingan. Hokimiyat ushbu natijalarni qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bilan izohlamoqda.