O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

O‘zbekistonning qator hududlarida harorat rekordlari yangilandi

UzDaily tahririyati · 20.07.2026 · 21:30 · 105 views
O‘zbekistonning qator hududlarida harorat rekordlari yangilandi

O‘zbekistonning qator hududlarida harorat rekordlari yangilandi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil iyul oyining o‘rtalarida O‘zbekistonda g‘ayrioddiy issiq ob-havo kuzatilib, uning natijasida qator hududlarda mutlaq harorat rekordlari yangilandi. Bu haqda O‘zgidromet xabar qildi.

Meteorologiya xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, havo harorati bosqichma-bosqich ko‘tarilgan va mamlakat hududining katta qismida issiqlikning eng yuqori cho‘qqisi 18–19 iyul kunlariga to‘g‘ri kelgan. Shimoli-g‘arbiy hududlarda eng yuqori harorat 16–18 iyul kunlari kuzatilgan.

Bu davrda havo harorati 43–45 darajagacha, mamlakat janubi va cho‘l hududlarida esa 46–49 darajagacha yetgan. Sinoptiklar maʼlumotiga ko‘ra, harorat O‘zbekistondagi butun meteorologik kuzatuvlar tarixida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlarga yaqinlashgan.

Iyul oyi uchun yangi mutlaq maksimal haroratlar bir qator meteostansiyalarda qayd etildi. Jumladan, Buxoroda harorat 46,9 darajaga yetib, 2005 yilda o‘rnatilgan 46,2 darajalik avvalgi rekorddan oshdi. Navoiyda 46,5 daraja qayd etilib, 2021 yilda kuzatilgan 45,9 darajalik maksimum yangilandi. Samarqandda esa havo harorati 43,6 darajagacha ko‘tarilib, 1983 yildagi 42,4 darajalik rekorddan yuqori bo‘ldi.

Shuningdek, Nurafshon, Payshanba, Do‘stlik, Arnasoy tumani, Shahrisabz, Sariosiyo, Andijon, Namangan, Pop, Farg‘ona va Quvada ham rekord darajadagi haroratlar qayd etildi.

Toshkent shahrida eng yuqori havo harorati 19 iyul kuni 44,3 darajani tashkil etdi. Bu poytaxtda 1997 yil 18 iyulda o‘rnatilgan mutlaq harorat rekordiga nisbatan atigi 0,3 daraja pastdir.

O‘zgidromet maʼlumotiga ko‘ra, Farg‘ona vodiysi viloyat markazlarida maksimal harorat bir necha kun davomida ikki-uch marta rekord ko‘rsatkichlarni yangilagan.

Sinoptiklar tushuntirishicha, ekstremal issiqlik termik depressiya taʼsirida shakllangan. Bunday jarayonda Eron hududi ustida juda issiq havo massasi aylanib turadigan kuchli yuqori atmosfera grebeni hosil bo‘ladi. U shimoli-sharq tomon siljigani sari ushbu issiq havo oqimi Markaziy Osiyo davlatlari hududiga tarqalib, o‘ta yuqori haroratlarni yuzaga keltiradi.