Andijonda besh qavatli turar joy binosining tomida yong‘in sodir bo‘ldi
Andijonda besh qavatli turar joy binosining tomida yong‘in sodir bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijonda 14 iyulga o‘tar kechasi “Hamdo‘stlik” mahallasidagi Boburshoh ko‘chasida joylashgan, Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi binosi yonidagi besh qavatli turar joy binosining tom qismida yong‘in sodir bo‘ldi.
Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlum qilishicha, yong‘in haqidagi xabar “112” yagona tezkor chaqiruv tizimi orqali soat 01:43 da kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qisqa vaqt ichida yong‘inni bartaraf etgan.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yong‘in oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Ayni paytda mutaxassislar yong‘in kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlamoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligida qayd etilishicha, hodisa natijasida Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi binosiga zarar yetmagan.