O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Turizm

“The Marco Polo Drive of Peace” xalqaro ekspeditsiyasi O‘zbekiston bo‘ylab safarini boshladi

UzDaily tahririyati · 08.07.2026 · 23:25 · 28 views
“The Marco Polo Drive of Peace” xalqaro ekspeditsiyasi O‘zbekiston bo‘ylab safarini boshladi

“The Marco Polo Drive of Peace” xalqaro ekspeditsiyasi O‘zbekiston bo‘ylab safarini boshladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 4-iyul sanasidan boshlab “The Marco Polo Drive of Peace” xalqaro elektromobil ekspeditsiyasi O‘zbekiston hududi bo‘ylab harakatlanishni boshladi.

Elektr va gibrid avtomobillarda amalga oshirilayotgan mazkur sayohat nafaqat tarixiy Buyuk Ipak yo‘li merosini qayta kashf etish, balki mamlakatimizning boy madaniy va turistik salohiyatini butun dunyoga namoyish etish uchun ham muhim imkoniyat yaratadi. 

43 kun davomida Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan 15 ming kilometrlik marshrut bo‘ylab harakatlanadigan ekspeditsiya Rimdan boshlanib, Gonkonggacha yetib boradi. O‘zbekiston ushbu yo‘nalishning eng muhim va qiziqarli bosqichlaridan biri sifatida tanlangani mamlakatimizning Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasidagi tarixiy o‘rni va zamonaviy turizm markaziga aylanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ekspeditsiya ishtirokchilari Nukus, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida bo‘lib, O‘zbekistonning madaniy merosi, me’moriy obidalari, milliy an’analari va zamonaviy infratuzilmasi bilan tanishadilar. Shuningdek, Orol dengizi hududi, Mo‘ynoq, Qizilqum cho‘li kabi noyob manzillar orqali harakatlanishi rejalashtirilgan. 

Loyihaning O‘zbekiston bosqichi mamlakatimizning jahon turistik xaritasidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi. Ekspeditsiya tarkibida turi davlatlardan ekspertlar, olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari mavjudligi va ular tomonidan O‘zbekiston haqida tayyorlanadigan materiallar dunyoning turli mamlakatlarida keng targ‘ib qilinishi kutilmoqda. Bu esa mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishning ortishi, yangi turistik bozorlarga chiqish hamda xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Mazkur loyiha orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan bir qatorda, uning sarguzasht, ekologik va avtomobil turizmi uchun ham katta salohiyatga ega mamlakat ekanini dunyoga namoyish etish maqsad qilingan. Bu esa kelgusida mamlakatimizga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar sonining ortishi, yangi turistik mahsulotlar shakllanishiga xizmat qilib, turizm iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shadi.