Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Smart Bio Cluster loyihasini amalga oshirishni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Janubiy Koreya Smart Bio Cluster loyihasini amalga oshirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligida direktor Abdulla Azizov hamda KIND boshchiligidagi Koreya konsorsiumi vakillari ishtirokida “Smart Bio Cluster” loyihasini amalga oshirishning dastlabki tashkiliy masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida biotexnologiya va biofarmatsevtika sohalarida zamonaviy sanoat ekotizimini shakllantirish, loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish hamda uning investitsiyaviy jozibadorligi va iqtisodiy samaradorligini taʼminlashga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Koreya tomoni texnik-iqtisodiy asoslash (TIA) ishlari doirasida bozor tahlilini o‘tkazish, ehtimoliy investorlarning qiziqishi va talabini o‘rganish, shuningdek, loyihaning investitsiya salohiyatini baholash ishlari olib borilishini maʼlum qildi.
Shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, samarali boshqaruv modelini shakllantirish hamda xalqaro investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amaliy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.
Agentlik rahbariyati loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun investorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yana-da takomillashtirish va zarur tashkiliy ko‘makni taʼminlash ustuvor vazifalardan biri ekanini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni izchil davom ettirish, navbatdagi amaliy bosqichlarni o‘zaro muvofiqlashtirish hamda loyihani belgilangan reja asosida ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.