Toshkentda avtoturargoh haqini to‘lamaslik uchun jarima joriy etish taklif qilindi
Toshkentda avtoturargoh haqini to‘lamaslik uchun jarima joriy etish taklif qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar hokimligi yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohlaridan foydalanganlik uchun haq to‘lamaslik holatlari bo‘yicha maʼmuriy javobgarlik joriy etishni taklif qildi. Tegishli qonun loyihasi regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Hujjat Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni 128-11-modda — «Pullik yo‘l bo‘yi avtoturargohlaridan foydalanganlik uchun haq to‘lamaslik» bilan to‘ldirishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, yo‘l bo‘yidagi pulli avtoturargohidan foydalanganlik uchun haqni o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki to‘lashdan bo‘yin tovlash bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi. Amaldagi BHM bo‘yicha bu 824 ming so‘mni tashkil etadi, 1 sentyabrdan esa jarima miqdori 880 ming so‘mgacha oshadi.
Taklif etilayotgan normalar qonunchilikka muvofiq bunday avtoturargohlardan bepul yoki imtiyozli shartlarda foydalanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonun loyihasida haq o‘z vaqtida to‘lanmaganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali olingan materiallar, shuningdek, axborot tizimlari maʼlumotlari bilan tasdiqlanishi mumkinligi ham nazarda tutilgan.
Hujjat loyihasining jamoatchilik muhokamasi 2026 yil 28 iyulga qadar davom etadi.