Toshkentda O‘zbekiston–Ozarbayjon forumi o‘tkaziladi
Toshkentda O‘zbekiston–Ozarbayjon forumi o‘tkaziladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 17 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasining IV Hududlararo forumi bo‘lib o‘tadi. Forum ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va hududlararo hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun muhim maydonga aylanadi.
Tadbirda O‘zbekiston va Ozarbayjonning davlat organlari vakillari, investorlar hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumda agrobiznes va oziq-ovqat sanoati, qurilish va qurilish materiallari ishlab chiqarish, mashinasozlik, axborot texnologiyalari va raqamli yechimlar, logistika, sog‘liqni saqlash, energetika, sanoat ishlab chiqarishi, shuningdek, professional va konsalting xizmatlari sohalarida faoliyat yurituvchi Ozarbayjonning yetakchi kompaniyalari qatnashadi.
Tashkilotchilar Ozarbayjonlik hamkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan O‘zbekiston kompaniyalarini forumda ishtirok etishga, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish masalalarini muhokama qilishga taklif qildi.