O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Turizm

O‘zbekiston va Koreya Xivada turistlar oqimi uchun sun’iy intellektni joriy qiladi

Dilafro'z Niyazova · 25.08.2026 · 22:10 · 406 views
O‘zbekiston va Koreya Xivada turistlar oqimi uchun sun’iy intellektni joriy qiladi
O‘zbekiston va Koreya Xivada turistlar oqimi uchun sun’iy intellektni joriy qiladi / Foto: O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Bobokalonov Koreya Respublikasi Koreya turizm tashkiloti (Korea Tourism Organization, KTO) Xalqaro hamkorlik departamenti direktori Min Ji Yon bilan uchrashdi.

Uchrashuvda KOPIST dasturi doirasida Xiva shahridagi “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasida sayyohlar oqimini sun’iy intellekt texnologiyalari orqali boshqarishga qaratilgan loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

KOPIST — Koreya Respublikasi Madaniyat, sport va turizm vazirligi tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan, Koreya turizm tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan barqaror turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik dasturidir. Dastur doirasida hamkor davlatlar bilan birgalikda istiqbolli loyihalar konsepsiyasi ishlab chiqilib, ularni Koreya hukumatining rasmiy rivojlanish dasturi — ODA mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga tayyorlash ko‘zda tutiladi.

Joriy yil may oyida Koreyada o‘tkazilgan yuqori darajadagi turizm siyosati forumida O‘zbekiston vakillari ishtirok etgan bo‘lsa, iyun oyida 10 davlat vakillari qatnashgan tanlovda O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan “Ichan qal’ada sayyohlar oqimini sun’iy intellekt texnologiyalari orqali boshqarish” loyihasi birinchi o‘rinni egalladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston uchun “Global intensiv konsalting” dasturi tashkil etilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi — Ichan qal’ada sayyohlar oqimini real vaqt rejimida kuzatish va boshqarish tizimini joriy etish, turistik infratuzilmani raqamlashtirish hamda mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirishdan iborat. 

Loyiha doirasida sensorlar va sun’iy intellekt tahliliga asoslangan monitoring tizimini joriy etish, tarixiy yodgorliklarga jismoniy ta’sir ko‘rsatmaydigan aqlli yo‘naltiruvchi belgilarni o‘rnatish, markaziy ko‘chadan tashqari qo‘shimcha turistik marshrutlarni shakllantirish, shuningdek, hunarmandlar va muzey-qo‘riqxona xodimlari uchun maxsus o‘quv dasturlarini tashkil etish rejalashtirilgan. 

Urganch xalqaro aeroportining kengaytirilishi va temir yo‘l aloqalarining yaxshilanishi natijasida Xivaga keluvchi sayyohlar oqimi yanada oshishi kutilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Ichan qal’ada turistlar oqimini samarali boshqarishning zamonaviy texnik tizimini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. 

Loyiha natijasida, avvalo, tarixiy-madaniy meros obyektlarini muhofaza qilgan holda sayyohlar sonini oshirish, ularning Xivada qolish muddatini uzaytirish hamda turizmdan olinadigan iqtisodiy manfaatlarni mahalliy aholiga kengroq yetkazish maqsad qilingan.