O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekistonda biznes uchun davlat xizmatlari soddalashtiriladi

Dilafro'z Niyazova · 18.08.2026 · 22:24 · 367 views
O‘zbekistonda biznes uchun davlat xizmatlari soddalashtiriladi
O‘zbekistonda biznes uchun davlat xizmatlari soddalashtiriladi / Foto: O'zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq davlat xizmatlarining 50 foizi «sukut – rozilik» tamoyiliga o‘tkaziladi.

Agar tadbirkorning arizasi belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmasa, u avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan deb hisoblanadi. Bu haqda 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda maʼlum qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, litsenziya berish rad etilgan har bir holat Biznes-ombudsman tomonidan o‘rganiladi. Shu bilan birga, litsenziya berishni asossiz ravishda rad etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 30 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Yana 35 ta faoliyat turi bo‘yicha tegishli hujjatlarni berish muddatlari ikki-uch baravarga qisqartiriladi.

Yana 10 turdagi ruxsatnomani xabardor qilish tartibiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu tadbirkorlarga avvalgi ruxsat berish tartibidan o‘tish o‘rniga xabardornoma yuborganidan keyin tegishli faoliyatni boshlash imkonini beradi.

Oziq-ovqat mahsulotlari eksportchilari uchun ham alohida o‘zgartishlar nazarda tutilmoqda. Ular uchun alohida veterinariya, sanitariya va fitosanitariya ruxsatnomalari o‘rniga yagona «Sog‘liq sertifikati» joriy etiladi.

Taklif etilayotgan choralar tadbirkorlarning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida maʼmuriy tartib-taomillarni qisqartirish, zarur ruxsatnoma va litsenziyalarni olish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan.