O‘zbekiston kompaniyalari Afg‘onistonda $222 mlnlik elektr tarmoqlari quradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning mahalliy kompaniyalari Afg‘oniston hududida elektr tarmoqlari va podstansiyalar quradi. Ishlar O‘zbekiston tomonining alohida nazorati ostida amalga oshiriladi va har hafta hisobot berib boriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilg‘i-energetika kompleksi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev maʼlum qildi.
Loyihaning qiymati 222 mln dollarni tashkil etadi va u to‘liq Afg‘oniston tomonidan moliyalashtiriladi. Ushbu mablag‘ning 140 mln dollari qurilish uchun zarur bo‘lgan materiallar va uskunalarni O‘zbekistondan eksport qilish hisobiga to‘g‘ri keladi.
Vazir «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida taʼkidlaganidek, Afg‘onistonga elektr energiyasining ortiqcha hajmini yetkazib berish O‘zbekistonning ichki ehtiyoji to‘liq qoplanganidan keyin amalga oshiriladi. Energiya resurslari bilan avvalo mamlakatdagi ichki isteʼmolchilarni taʼminlashga ustuvor ahamiyat beriladi.
Loyiha Energetika vazirligi yig‘ilishda taqdim etgan uchta asosiy yo‘nalishdan biri bo‘ldi.
Bundan tashqari, vazirlik Yangiyul tumanida sinovdan o‘tkazilgan mahallalarning energetik pasportlarini joriy etish tajribasini butun mamlakat bo‘ylab kengaytirish, shuningdek, hududlardagi taqsimlovchi elektr tarmoqlarini Turkiyaning «Aksa Elektrik» kompaniyasi boshqaruviga berish haqida maʼlumot berdi. Bu mamlakat tarixidagi bunday birinchi holat hisoblanadi.