O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Yaponiya yadro sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi

Dilafro'z Niyazova · 13.08.2026 · 22:20 · 23 views
Oʻzbekiston va Yaponiya yadro sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Yaponiya yadro sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishdi / Foto: Uzatom.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 13-avgust kuni “O‘zatom” agentligida Yaponiya delegatsiyasi bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya tarkibidan Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi (METI), Yaponiya Metall va energetika xavfsizligi tashkiloti (JOGMEC) hamda ITOCHU Corporation kompaniyasi vakillari o‘rin oldi.

Delegatsiyaga Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi Yadro energetikasi sohasida xalqaro hamkorlik ofisi direktori o‘rinbosari Abe Eimitsu rahbarlik qildi.

Muloqot davomida tomonlar atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari, energetika xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, yadro texnologiyalari va u bilan bog‘liq tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar istiqbollarini muhokama qildilar.

Uchrashuv amaliy ishchanlik ruhda o‘tdi. Ishtirokchilar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida atom energetikasi sohasida sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda tajriba almashishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
 

Uchrashuv chog‘ida Yaponiya delegatsiyasi rahbari Abe Eimitsu shunday dedi: “Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va energetika sohasini rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlarni yuksak qadrlaymiz. Yaponiya o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlar asosida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish borasida samarali muloqot va hamkorlikni davom ettirishga tayyor”.

“O‘zatom” agentligi O‘zbekiston Respublikasi energetika sektorini barqaror rivojlantirish manfaatlari yo‘lida tinch atom sohasida ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan yetakchi davlatlar va tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettiradi.

O‘zbekistonning yapon hamkorlari bilan yadro sohasidagi hamkorligi uzoq muddatli xarakterga ega. ITOCHU Corporation Navoiy KMK bilan uran konsentratini yetkazib berish borasida kelishuvlarni amalga oshirmoqda, JOGMEC esa uran konlarini o‘zlashtirishda ishtirok etmoqda. 2025-yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yaponiyaga tashrifi chog‘ida hamkorlikni kengaytirish, jumladan, muhim minerallarni eksport qilish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish istiqbollari tasdiqlangan edi.