O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Koreya tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Dilafro'z Niyazova · 13.08.2026 · 22:20 · 20 views
Oʻzbekiston va Koreya tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Koreya tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda / Foto: Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiyaning Koreya Respublikasiga safari doirasida tibbiyot, farmatsevtika va tibbiy texnologiyalar sohasida faoliyat yurituvchi yetakchi tashkilotlar va kompaniyalar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Xususan, Koreya tibbiy buyumlar assotsiatsiyasi (Korea Medical Devices Association — KMDA) prezidenti Li Yon Gyu (Lee Young-gyu) bilan muloqotda tibbiy uskunalar, diagnostika, reabilitatsiya va Medical IT texnologiyalarini O‘zbekistonga transfer qilish, shuningdek, assotsiatsiyaga aʼzo 730 dan ortiq kompaniyani mamlakatimizda ishlab chiqarish va investitsiya loyihalariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Koreyaning yirik farmatsevtika va kosmetika kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda esa O‘zbekistonda farmatsevtika va kosmetika sanoatini rivojlantirish, yetakchi koreys brendlarini mamlakatimizga jalb qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Kompaniya rahbarlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Delegatsiya Koreyaning nufuzli tibbiyot muassasalari — Yonsei University Severance Hospital va Asan Medical Center rahbariyati hamda soha ekspertlari bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.

Muloqotlarda zamonaviy tibbiyot markazlarini loyihalash va boshqarish, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish, shifoxonalar faoliyati samaradorligini oshirish hamda Koreyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston amaliyotiga tatbiq etish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

O‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekiston–Koreya hamkorligini tibbiyot, farmatsevtika va tibbiy texnologiyalar sohalarida amaliy mazmun bilan boyitish, investitsiyaviy loyihalarni kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini jadallashtirish uchun muhim zamin yaratmoqda.