O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Moliya

Senat pensiya tayinlash tartibiga kiritilgan o'zgartirishlarni ma'qulladi

UzDaily tahririyati · 07.08.2026 · 21:30 · 26 views
Senat pensiya tayinlash tartibiga kiritilgan o'zgartirishlarni ma'qulladi
Senat pensiya tayinlash tartibiga kiritilgan o'zgartirishlarni ma'qulladi / Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 18-yalpi majlisida “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga pensiya tayinlash tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda pensiya tayinlash tartibini soddalashtirish, sohani raqamlashtirish orqali ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, pensiya taʼminoti tizimida davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yaxshilash, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur Qonun ham nogironligi boʻlgan shaxslarning pensiya sohasidagi huquq va manfaatlari himoyasini yanada mustahkamlash maqsadlarini nazarda tutadi.

Qonun bilan fuqaroga I yoki II guruh nogironligi belgilanishi munosabati bilan nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash hamda pensiya tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega boʻlsa, ushbu pensiya turini har ikki yilda bir marotaba fuqaroning murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda qayta hisoblab chiqish tartibi joriy etilmoqda.

Shuningdek, pensiyadan chegirma qilinganidan soʻng fuqaroga toʻlanadigan pensiya miqdori eng kam isteʼmol xarajatlari miqdoridan kam boʻlmasligi belgilanmoqda.   

Senatorlarning fikricha, Qonun fuqarolarga nogironlik pensiyasini tayinlash tartibini soddalashtirishga va ularga ushbu sohada koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida  senatorlar Qonunni maʼqulladi.