O‘zbekistonda yer sotib olgach qurilish boshlash soddalashtiriladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda tadbirkorlar yer uchastkasini auksion orqali sotib olganidan so‘ng ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun olti oydan 12 oygacha kutishga hojat qolmasdan, qurilish ishlarini darhol boshlashlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda maʼlum qildi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, yer uchastkalari barcha zarur hujjatlar to‘plami tayyor holda auksionga chiqariladi. Ushbu to‘plam tarkibiga arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i, loyiha va qurilishga ruxsatnoma kiradi.
Shu tariqa, tadbirkorlar yer uchastkasini xarid qilganidan keyin qurilish ishlarini boshlashdan oldin zarur hujjatlarni olish uchun alohida va uzoq davom etadigan tartib-taomillardan o‘tishlariga to‘g‘ri kelmaydi.
Shu bilan birga, qurilish kompaniyalari zimmasidagi moliyaviy yukni kamaytirish rejalashtirilmoqda. Infratuzilma yig‘imi bo‘yicha avans to‘lovi 20 foizdan 5 foizga tushiriladi.
Taklif etilayotgan o‘zgartishlar byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish va yer uchastkasini xarid qilishdan qurilish loyihasini amalga oshirishgacha bo‘lgan jarayonni tezlashtirishga qaratilgan.