Oʻzbekiston va Belarus energetika sohasidagi hamkorlik yoʻl xaritasini ishlab chiqadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Belarus va O‘zbekiston energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqadi hamda hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun qo‘shma ishchi guruh tuzadi.
Bu masalalar Belarus energetika vaziri Denis Morozning Belarusdagi O‘zbekiston elchisi Nuriddin Mamajonov bilan uchrashuvida muhokama qilindi. Bu haqda Belarus Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iyul oyida Belarusga tashrifi chog‘ida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amaliy tatbiq etish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Ustuvor yo‘nalishlar qatorida atom energetikasi sohasidagi hamkorlik va O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishda Belarus tajribasidan foydalanish, energetika infratuzilmasini rivojlantirish, Belarus loyiha hamda qurilish-montaj tashkilotlarining O‘zbekiston bozoridagi loyihalarda ishtirok etishi, elektrotexnika sanoatida hamkorlik, energetika obyektlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirish, shuningdek, kadrlar tayyorlash masalalari qayd etildi.
Denis Morozning taʼkidlashicha, Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida yuqori darajadagi ishonch hamda energetika sohasida mazmunli muloqot yo‘lga qo‘yilgan. To‘plangan salohiyatni aniq qo‘shma loyihalarda amalga oshirish zarur.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Belarus-O‘zbekiston qo‘shma ishchi guruhini tuzish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari hamda qo‘shma loyihalarni birlashtiradigan yo‘l xaritasini tayyorlash masalalarini ham muhokama qildi.