O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo rejimini kengaytiradi

UzDaily tahririyati · 01.08.2026 · 08:45 · 30 views
O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo rejimini kengaytiradi
O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo rejimini kengaytiradi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 14 avgustdan O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo rejimi tatbiq etiladigan tovarlar ro‘yxatini kengaytiradi. Tegishli protokol O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 10 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan.

Hujjatga muvofiq, imtiyozli savdo rejimi qariyb 90 ta tovar pozitsiyasiga tatbiq etiladi. Ikki davlat mahsulotlari uchun bojxona bojlarini pasaytirish va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish nazarda tutilgan.

O‘zbekistonlik eksportchilar uchun imtiyozlar meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining ayrim turlari, ichimlik suvi, to‘qimachilik mahsulotlari, ip-kalava, trikotaj matolar, misdan tayyorlangan buyumlar, elektrotexnika mahsulotlari, dori vositalari hamda sanitariya-texnika buyumlariga nisbatan amal qiladi.

Qayd etilishicha, kelishuvning kengaytirilishi O‘zbekiston korxonalarining Pokiston bozoriga chiqishi, o‘zaro savdo hajmini oshirish, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga masʼul idoralar bilan birgalikda mahalliy eksportchilarga yangi savdo imtiyozlaridan samarali foydalanishlari uchun ko‘mak berish vazifasi yuklatildi.