«Toshkent metropoliteni» aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Qayta tashkil etish doirasida jamiyatning yangi ustavi, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi va ijro organi to‘g‘risidagi nizomlar, shuningdek, ijro organi mehnatiga haq to‘lash tartibi tasdiqlandi.
Qayta tashkil etilgandan so‘ng jamiyat «Toshkent metropoliteni» AJ nomi ostida faoliyat yuritadi. Tegishli qarorlar yagona aksiyador sifatida ishtirok etgan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilindi.
AJ kuzatuv kengashi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Temir yo‘l transporti boshqarmasi boshlig‘i Otabek Irkabayev, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Transport va kommunikatsiya sohalari korxonalarini iqtisodiy, moliyaviy va boshqaruv jihatdan tartibga solish boshqarmasi bosh mutaxassisi Mushtariy Ashrmamatova, Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi huzuridagi Maxsus jamg‘arma mablag‘larini boshqarish va uning yo‘nalishlarini tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i Rahmadjon Karimjonov hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Baholash va rieltorlik faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nodirbek Yakubov kiritildi.
«Toshkent metropoliteni» AJ boshqaruvi raisi etib Rahmanbek Usmonov tayinlandi. Qaror qabul qilishda uning kasbiy malakasi, transport sohasidagi ish tajribasi va boshqaruv qobiliyatlari inobatga olingan. Boshqaruv raisi bilan mehnat shartnomasi uch yil muddatga tuzildi.
Rahmanbek Usmonovga, tasdiqlangan xodimlarning umumiy soni doirasida, jamiyat tarkibiy bo‘linmalari xodimlari soniga o‘zgartishlar kiritish vakolati ham berildi.
Tashkiliy-huquqiy shaklning o‘zgarishi munosabati bilan AJ rahbariyati korxona hujjatlarini xatlovdan o‘tkazishi va ularni normativ-huquqiy hamda taʼsis hujjatlariga muvofiqlashtirishi kerak.
Bundan tashqari, yangi tashkiliy tuzilma, shtat jadvali va vazifalar taqsimotiga muvofiq tegishli sohalar va tarkibiy bo‘linmalarga biriktirilgan faoliyat yo‘nalishlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash nazarda tutilgan.