O‘zbekiston konchilik sanoati hajmi 42 trln so‘mdan oshdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulushni qayta ishlash sanoati saqlab qoldi. Uning hajmi 549,7 trillion so‘mga yetdi va umumiy sanoat ishlab chiqarishining 86,3 foizini tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, hisobot davrida konchilik sanoati va karyerlarni ishlash sohasida ishlab chiqarish hajmi 42,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Mazkur tarmoq umumiy sanoat ishlab chiqarishining 6,7 foizini tashkil qildi.
Elektr energiyasi, gaz, bug‘ bilan taʼminlash hamda havoni konditsiyalash sohasida 41,7 trillion so‘mlik mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarildi. Bu umumiy sanoat ishlab chiqarishining 6,5 foiziga teng.
Suv taʼminoti, kanalizatsiya, chiqindilarni yig‘ish va ularni qayta ishlash sohasida ishlab chiqarish hajmi 3,3 trillion so‘mni tashkil etdi. Ushbu tarmoqning sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 0,5 foizga yetdi.