Xiva va Buxoro o‘rtasida Xitoy elektropoyezdlari qatnaydi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 9 sentyabrdan Xiva va Buxoro o‘rtasida Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy tezyurar CRRC-Dalian elektropoyezdlari qatnay boshlaydi. Besh vagondan iborat poyezd 415 nafar iqtisodiy klass yo‘lovchisiga mo‘ljallangan. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
№707-sonli poyezd Xivadan Buxoro-1 bekatiga soat 09:55 da jo‘naydi va yakuniy manzilga 14:32 da yetib boradi. Qaytish yo‘nalishidagi №706-sonli poyezd Buxorodan 15:45 da jo‘nab, Xivaga 20:25 da yetib keladi.
Xiva — Buxoro yo‘nalishidagi qatnovlar seshanba kunidan tashqari haftaning barcha kunlarida amalga oshiriladi. Qaytish yo‘nalishida poyezd dushanba kunidan tashqari har kuni qatnaydi. Bilet narxi 270,8 ming so‘mni tashkil etadi.
Yangi elektropoyezdlar Buxoro — Toshkent yo‘nalishida ham harakatlanadi. 14 sentyabrdan poyezdlar shaharlar o‘rtasida dushanba kunlari, 15 sentyabrdan esa qaytish qatnovlari seshanba kunlari amalga oshirila boshlaydi. Buxoro va Toshkent o‘rtasidagi yo‘l vaqti qariyb olti soatni tashkil etadi.
Yangi poyezdlarni ishga tushirish amaldagi bir nechta yo‘nalishlar jadvaliga o‘zgartish kiritishni talab qiladi. №56-sonli Toshken Janubiy — Xiva poyezdi jadvali 8 sentyabrdan, №58-sonli Toshken Janubiy — Shovot poyezdi jadvali 10 sentyabrdan, №127/128-sonli Andijon — Qo‘ng‘irot poyezdi jadvali esa 8 sentyabrdan o‘zgaradi.
15 sentyabrdan №301-sonli Dushanbe — Toshkent poyezdi, shuningdek, seshanba kunlari harakatlanadigan №6412-sonli Toshkent Janubiy — Havast poyezdi jadvaliga o‘zgartish kiritiladi. 9 sentyabrdan №6353-sonli Urganch — Nukus poyezdi harakat jadvali ham o‘zgaradi.
Xitoyning CRRC-Dalian elektropoyezdlaridan O‘zbekistonda allaqachon foydalanilmoqda. Avvalroq shu turdagi CR200J poyezdi Urganch — Xiva yo‘nalishida ekspluatatsiya qilina boshlangan edi. U soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi va qariyb 400 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.
Poyezdlarda VIP, biznes va iqtisodiy klasslar, Wi-Fi, elektron qurilmalar uchun quvvatlash moslamalari, konditsioner va isitish tizimlari, shuningdek, nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun zarur sharoitlar mavjud.
Yana bir Xitoy elektropoyezdi 31 avgust kuni Andijonga yetib kelgan va hozirda sinovdan o‘tkazilmoqda.
U ishga tushirilganidan so‘ng Toshkent va Andijon o‘rtasidagi safar vaqtini uch soatgacha qisqartirishi kutilmoqda. Tashqi ko‘rinishi jihatidan yangi poyezd CR200J modeliga o‘xshaydi.
SEO-sarlavha: Xiva va Buxoro o‘rtasida Xitoy elektropoyezdlari qatnaydi
SEO-tavsif:
Kalit so‘zlar: X