Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Gruziya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish niyatini muhokama qildi. Ushbu masalalar 12 oktyabr kuni Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze va O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov o‘rtasida ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida Laziz Qudratov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar savdo va investitsiyalarni kengaytirish, korxonalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro yetkazib berish shartlarini takomillashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va O‘rta koridor bo‘ylab aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, bir qator tarmoqlarda qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikning boshqa yo‘nalishlarini muhokama qildi.