Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova vazirlik mutasaddilari va “O‘zTMK” AJ rahbariyati bilan birgalikda Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig hamda ushbu mamlakat Moliya vazirligining Osiyo davlatlari bo‘yicha mintaqaviy moliyaviy attasheci Asaf Shirman bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi xabar berdi.
Uchrashuvda mehmonlarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonning tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, «Yer qaʼri to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri, investitsiya muhiti va investorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, tadbirkorlarga istiqbolli maydonlarni “E-Auksion” platformasi orqali shaffof mexanizmlar asosida taklif etish, “O‘zTMK” faoliyati, gidrogeologiya, sohani raqamlashtirish va metallurgiya yo‘nalishlaridagi loyihalar haqida maʼlumot taqdim etildi.
Isroil tomoni yer osti suvlari va kritik metallar sohalarida hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi. Isroil gidrogeologiya sohasida tajribaga ega ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan yer osti suvlarini o‘rganish va ulardan foydalanish masalalari bo‘yicha Isroil tomonining tegishli takliflari va texnologik yechimlarini taqdim etish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif qilindi.
Bundan tashqari, Isroil tomoni GEOMIN 2026 konferensiyasida ishtirok etganini qayd etib, o‘tkazilgan tadbirning ko‘lami va amaliy ahamiyatini yuqori baholadi.