Iqtisod

Quvada yetishtirilgan anorlar Janubiy Koreyaga eksport qilindi

Quvada yetishtirilgan anorlar Janubiy Koreyaga eksport qilindi
Quvada yetishtirilgan anorlar Janubiy Koreyaga eksport qilindi / Foto: Farg'ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatining Quva tumanida yetishtirilgan anorlar xorijiy bozorlarda o‘z o‘rnini kengaytirishda davom etmoqda. Boshlangan eksport mavsumi doirasida mahsulotning navbatdagi partiyasi Janubiy Koreyaga jo‘natildi.

Yaqinda «Rich Farm Ekspo» MCHJ tomonidan 9 tonna quva anori eksport qilindi. Ayni paytda mahsulot Janubiy Koreyaning yirik savdo do‘konlarida sotuvga chiqarilgan.

Quva tumanida anor yetishtirish bo‘yicha ko‘p yillik tajriba va uni yetishtirish anʼanalari shakllangan. Mahalliy mahsulot o‘zining taʼmi, tashqi ko‘rinishi va sifati bilan xaridorlar talabiga ega.

Ayni paytda tumanda anorning ertapishar navlari pishib yetilmoqda va bu eksport mavsumining boshlanganini anglatadi. Mahsulotni saralash, qadoqlash va xorijiy xaridorlarga sifatli yetkazib berishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Anor yetishtirishni rivojlantirish tuman iqtisodiyoti o‘sishining muhim omillaridan biriga aylanmoqda. Soha aholi bandligini taʼminlash, xonadonlar daromadlarini oshirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Mahsulotning Janubiy Koreyaga yetkazib berilishi quvalik bog‘bonlar uchun xorijiy bozorlarga chiqishning yangi imkoniyatlarini ochib, mahalliy anorlarning xalqaro bozorda raqobatbardosh ekanini namoyish etmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.