Texnologiyalar

IT Park va SparkLabs startaplarni Koreya bozoriga chiqarish uchun akseleratsiya dasturini ishga tushiradi

IT Park va SparkLabs startaplarni Koreya bozoriga chiqarish uchun akseleratsiya dasturini ishga tushiradi
IT Park va SparkLabs startaplarni Koreya bozoriga chiqarish uchun akseleratsiya dasturini ishga tushiradi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov va IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov Koreya Respublikasida SparkLabs Inc. hammuassisi Bernard Mun bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.

Uchrashuv davomida o‘zbek startaplarining Koreya Respublikasi bozoriga chiqishiga qaratilgan akseleratsiya dasturini tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Dasturni joriy yilning IV choragida ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Startaplarni tanlash jarayoni, akseleratsiya formati hamda dastur ishtirokchilarining Koreya venchur ekotizimi bilan keyingi hamkorlik imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Dastur doirasida o‘zbek startaplariga Koreya bozoriga chiqishda ko‘mak beriladi, shuningdek, potensial investorlar va venchur tashkilotlari, jumladan, TIPS, Mirae Asset hamda Koreya Respublikasi investitsiya ekotizimining boshqa ishtirokchilari bilan aloqalar o‘rnatish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha IT Park Uzbekistan va SparkLabs Inc. o‘rtasida O‘zbekiston startaplari uchun Koreya Respublikasida akseleratsiya dasturini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Hujjat istiqbolli texnologik loyihalarni tanlash va tayyorlash, shuningdek, ularning Koreya bozoriga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha hamkorlikni nazarda tutadi.

Tomonlar xalqaro texnologik tadbirlar doirasidagi keyingi hamkorlik masalalarini ham muhokama qildi. Xususan, Bernard Mun «ICT Week Uzbekistan 2026» tadbirida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.

SparkLabs bilan qo‘shma dasturning amalga oshirilishi o‘zbek startaplariga xalqaro ekspertiza va mentorlik ko‘magini olish, Koreya Respublikasi venchur ekotizimi ishtirokchilari bilan aloqalar o‘rnatish, shuningdek, investitsiya jalb qilish va xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi.

SparkLabs Inc. — 2012 yilda Seulda tashkil etilgan Janubiy Koreya startap-akseleratori va venchur investitsiya kompaniyasi.

Kompaniya seed va early-stage bosqichlaridagi startaplarni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan bo‘lib, investitsiyalar, akseleratsiya, mentorlik va xalqaro bozorlarga chiqishda ko‘mak xizmatlarini taqdim etadi.

Ayni paytga qadar SparkLabs 320 dan ortiq startapni qo‘llab-quvvatlagan va ularga investitsiya kiritgan. Kompaniya, shuningdek, xorijiy texnologik loyihalarni Koreya Respublikasiga jalb qilish hamda koreyalik startaplarni tashqi bozorlarga chiqishida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xalqaro inbound va outbound dasturlarini amalga oshiradi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.