Xitoylik investorlar Farg'onadagi loyihalarini kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va ko‘p qirrali hamkorlik bugungi kunda yangi mazmun bilan boyib, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni ham jadallashtirmoqda. Farg‘ona viloyatida xitoylik investorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugun Chjan Chjunxua boshchiligidagi xitoylik investorlar delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyatida xitoylik hamkorlar ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Muloqotda viloyat hokimining Xitoy investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha maslahatchisi Chjan Chjunxua Farg‘ona viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirayotgan yangi xitoylik biznes vakillarini jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.
Xususan, xitoylik investorlar avtomobillarga ehtiyot qismlar ishlab chiqarish, axborot texnologiyalari hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish istagida ekani maʼlum qilindi.
Delegatsiya aʼzolari ikki kun davomida Quva tumanida bo‘lib, hududning investitsiyaviy salohiyati, mavjud imkoniyatlar va loyihalarni amalga oshirish uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Quva tumanida xitoylik hamkorlar bilan yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, uchrashuvda Farg‘ona tumanida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan investitsiya loyihalari haqida ham maʼlumot berildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, loyihalarni amalga oshirish jarayonida zarur ko‘mak va amaliy yordam ko‘rsatilishini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati va xitoylik hamkorlar o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yana-da jadallashtirish, yangi investorlarni jalb qilish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.