O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentda Eron bilan o‘ynaydi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Eron milliy terma jamoalari 2026 yil 21 sentyabrdan 6 oktyabrga qadar davom etadigan kengaytirilgan FIFA xalqaro oynasi doirasida o‘zaro match o‘tkazadi. Uchrashuv Toshkentda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bu haqda Eron futbol federatsiyasi prezidenti Mehdi Toj maʼlum qildi.
Tojning so‘zlariga ko‘ra, yaqinlashib kelayotgan xalqaro oyna davrida Eron terma jamoasi uchta uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston bilan o‘yindan tashqari, Rossiya terma jamoasi bilan uchrashuv ham tasdiqlangan.
«21 sentyabrdan 6 oktyabrgacha bizda FIFA oynasi bo‘ladi. Ushbu oyna doirasida uchta o‘yin o‘tkazamiz. Hozircha O‘zbekiston va Rossiya bilan uchrashuvlar tasdiqlangan. Uchala o‘yin ham uch xil mamlakatda bo‘lib o‘tadi», — dedi Toj.
U, shuningdek, keyingi FIFA oynasida Eron terma jamoasi turnirda ishtirok etish uchun Iroqqa borishini maʼlum qildi.
Avvalroq O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Eron bilan o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini aytgan edi.
2026 yil 21 sentyabrdan 6 oktyabrgacha bo‘lib o‘tadigan FIFA xalqaro oynasi terma jamoalarning yangi taqvimidagi birinchi kengaytirilgan uch haftalik oyna bo‘ladi. Uning doirasida milliy terma jamoalar to‘rttagacha uchrashuv o‘tkazishi mumkin.
Eron va O‘zbekiston terma jamoalari 2026 yilgi jahon chempionatida ham ishtirok etgan.