"O'zto'qimachiliksanoat" Xitoyning Yifa Group bilan yangi loyihalarni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 7-avgust kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida Xitoyning Yifa Commercial Group hamda Venchjou shahrining "Bir makon, bir yo‘l" korxonalarni rivojlantirish uyushmasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida investitsiya hamkorligini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda tayyor mahsulotlar savdosini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Xitoylik hamkorlar tomonidan O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, savdo-taqsimlash markazini tashkil etish va tayyor mahsulotlarni mamlakatimiz bozoriga yetkazib berishga qiziqish bildirildi. Shuningdek, Xitoylik hamkorlarga sun’iy va sintetik tolalar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish taklif etildi hamda investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar va O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya hamda MDH davlatlariga eksport imkoniyatlari haqida ma’lumot taqdim etildi.
Yifa Commercial Group 7–8 mingga yaqin kompaniya va brendni birlashtiruvchi yirik sanoat platformasi bo‘lib, Xanchjou shahrida umumiy maydoni qariyb 700 ming kvadrat metr bo‘lgan 9 ta savdo-ishlab chiqarish majmuasini boshqaradi.
Uchrashuv yakunida mahalliy korxonalar 2026-yil 28–29-avgust kunlari Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan Yifa kiyim-kechak sohasida tajriba almashish bo‘yicha XVI Butunjahon konferensiyasiga taklif etildi. Tadbir doirasida O‘zbekiston va Xitoy kompaniyalari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.