Oʻzbekiston va Samara viloyati biznes hamkorligini kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 7 avgust kuni Samara shahrida «O‘zbekiston Respublikasi va Samara viloyati hamkorligini yana-da kengaytirish» mavzusida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Odilxon Rustamov, Samara viloyati Savdo-sanoat palatasi raisi Valeriy Fomichev, davlat idoralari, biznes uyushmalari hamda avtomobilsozlik, mashinasozlik, kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati, qurilish, transport-logistika, AKT va turizm sohalarida faoliyat yurituvchi 100 dan ortiq korxona vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston va Samara viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va eksport hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Odilxon Rustamov o‘z nutqida 2025 yil yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 13 mlrd AQSH dollariga yaqinlashgani, mamlakatimizda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 3 mingdan oshgani, shuningdek, respublikada 40 dan ortiq maxsus iqtisodiy zona faoliyat yuritayotganini taʼkidladi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Samara viloyati Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Samara tadbirkorlari O‘zbekistonning Afg‘oniston bozoriga yo‘naltirilgan erkin iqtisodiy zona imkoniyatlaridan foydalanishga taklif etildi hamda sentyabr oyida Samara ishbilarmonlar delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi yuzasidan kelishuvga erishildi.
B2B muzokaralari yakunlariga ko‘ra bir qator shartnoma va kelishuvlar imzolandi.