Iqtisod

O‘zbekistonda tadbirkorlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytiriladi

O‘zbekistonda tadbirkorlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytiriladi
O‘zbekistonda tadbirkorlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytiriladi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF֪–193-son, 11.09.2026 y.) qabul qilindi.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha tegishlicha hududiy shtablar, tuman (shahar) hokimlari rahbarligida – tuman (shahar) shtablari tashkil etilgan.
 
Farmonga ko‘ra, tuman (shahar) shtabi qaroriga asosan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha (jalb qilingan har bir oila uchun 50 mln so‘m hisobda) garov taʼminotisiz kredit ajratilishiga ruxsat beriladi.
 
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlarining imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman (shahar) shtablariga o‘tkaziladi.
 
2026 yil 1 oktyabrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga tuman (shahar) shtablari qarorlari asosida tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (Kompaniya) tomonidan yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmi joriy qilinadi. Bunda:
 
tuman (shahar) shtablari mahalliy sharoit, loyihalarning samaradorligi va ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, kompensatsiya taqdim etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi, kompensatsiyadan maqsadli va samarali foydalanish uchun masʼul hisoblanadi;
 
tuman (shahar) shtablarining qarorlari kompensatsiya taqdim etish uchun asos hisoblanadi. Kompensatsiya taqdim etishda kredit tarixi, tadbirkor toifasi, barqarorlik reytingi va boshqa talablarning joriy etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

tadbirkorlik subyektlarining qonunchilikda belgilangan umumiy tartibda Kompaniyaga kompensatsiya olish uchun bevosita murojaat qilish huquqi saqlab qolinadi;
 
bir moliyalashtirish bo‘yicha bir xil foiz xarajatlarini 2 marta kompensatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.