O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Agentlik «Chodra hovli» majmuasi holati haqidagi xabarlarni rad etdi

UzDaily tahririyati · 08.08.2026 · 12:30 · 27 views
Agentlik «Chodra hovli» majmuasi holati haqidagi xabarlarni rad etdi
Agentlik «Chodra hovli» majmuasi holati haqidagi xabarlarni rad etdi / Foto: Surat sun'iy intellekti tomonidan yaratilgan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Madaniy meros agentligi Xorazm viloyati Xiva tumanida joylashgan «Chodra hovli» majmuasining holati haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga izoh berdi. Agentlik maʼlum qilishicha, obyekt davlat muhofazasida bo‘lib, 2022–2023 yillarda unda keng ko‘lamli restavratsiya ishlari amalga oshirilgan. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.

Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, restavratsiya ishlari Agentlik buyurtmasi asosida Xiva mintaqaviy restavratsiya markazi tomonidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bajarilgan. Ishlar davomida yodgorlikning tarixiy-memoriy qiyofasini saqlash va anʼanaviy qurilish texnologiyalariga rioya etishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Restavratsiya jarayonida ayvonlar va zinapoyalar mustahkamlanib, taʼmirlangan, tashqi devorlar anʼanaviy somonli loy suvoq bilan qoplangan, ichki devorlarga esa ganchdan foydalangan holda ishlov berilgan. Agentlik taʼkidlashicha, zamonaviy qurilish yechimlari faqat zarur holatlarda qo‘llanilgan va bunda majmuaning tarixiy qiyofasini imkon qadar saqlab qolish maqsad qilingan.

Shu bilan birga, majmuaga tutash hudud obodonlashtirilib, piyodalar yo‘laklari barpo etilgan va tashrif buyuruvchilar uchun tungi yoritish tizimi o‘rnatilgan.

Agentlik majmuani asrab-avaylash va uni keng targ‘ib qilish ishlari davom ettirilishini maʼlum qildi. Yodgorlik atrofida turistik infratuzilmani rivojlantirish hamda unga mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Agentlik eslatishicha, «Chodra hovli» 1871 yilda Xiva xonlarining yozgi qarorgohi sifatida qurilgan. Majmua nomi fors tilidagi “chordara” so‘zining qisqartirilgan shaklidan kelib chiqqan bo‘lib, “chor” — “to‘rt”, “dara” esa «tik jarlik» yoki “dara” maʼnosini anglatadi.