Markaziy bank qarz oluvchilarni kredit xavfidan ogohlantirishni taklif qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Markaziy banki banklarni kredit rasmiylashtirish jarayonida qarz oluvchilarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xavflar haqida ogohlantirishga majburlashni taklif qilmoqda. Tegishli o‘zgartishlar loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, kredit mahsulotlari reklamasida kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik moliyaviy xavflarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish joylashtirilishi kerak. Ushbu ogohlantirish uchun reklama maydoni yoki efir vaqtining kamida 10 foizini ajratish taklif etilmoqda.
Kredit shartnomalari uchun ham alohida talab belgilanmoqda: ogohlantirish hujjatning birinchi qismi asosiy maydonining kamida 30 foizini egallashi kerak.
Ogohlantirish matnida kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslik qarz miqdorining oshishi, majburiy undirish choralarining qo‘llanilishi, mol-mulkka undiruv qaratilishi va bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘larining xatlanishiga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, to‘lovni kechiktirish qarz oluvchining kredit tarixiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Loyihada, shuningdek, taklif etilayotgan kredit mahsuloti isteʼmolchilarni chalg‘ituvchi deb topilgan taqdirda, bank uchun ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishni yoki infratuzilmani kengaytirishni olti oygacha muddatga cheklash yoki taqiqlash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan o‘zgartishlar hozircha kuchga kirmagan va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.