Xizmatlar sohasidagi tashkilotlar yarim yilda 23,5 trln so‘m soliq to‘ladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil yanvar–iyun oylarida xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi 163 932 ta yuridik shaxs byudjetga 23,5 trln so‘mdan ortiq soliq to‘ladi. Bu davrda ularning jami tovar aylanmasi 353,8 trln so‘mni tashkil etdi, taqdim etilgan soliq imtiyozlari hajmi esa 30,4 trln so‘mdan oshdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Sohadagi 20 ta eng yirik soliq to‘lovchi hisobiga 4,6 trln so‘mdan ortiq soliq tushumi, yaʼni umumiy hajmning 19,8 foizi to‘g‘ri keldi. Ularning jami tovar aylanmasi 41 trln so‘mga yetgan bo‘lib, bu sohaning umumiy ko‘rsatkichining 11,6 foizini tashkil etdi. Ularga taqdim etilgan imtiyozlar summasi esa 2,8 trln so‘mdan oshib, umumiy hajmning 9,3 foiziga teng bo‘ldi.
Reytingda birinchi o‘rinni byudjetga 837,9 mlrd so‘m soliq o‘tkazgan “O‘zbektelekom” AJ egalladi. Ikkinchi o‘rinda 726,1 mlrd so‘m ko‘rsatkich bilan «Asia Trans Gas» MCHJ, uchinchi o‘rinda esa 440,1 mlrd so‘m soliq to‘lagan «Uzbekistan Airways» AJ qayd etildi.
Birinchi o‘nlikka, shuningdek, “Paynet” AJ — 276,9 mlrd so‘m, “Unitel” MCHJ (Beeline) — 271,5 mlrd so‘m, “Coscom” MCHJ — 232,8 mlrd so‘m, «Mejdunarodniy aeroport "Islom Karimov"» MCHJ — 196,6 mlrd so‘m, “Tashshahartranskhizmat” AJ — 185,6 mlrd so‘m, «O‘zbek Geologiya Qidiruv» AJ — 172,5 mlrd so‘m va «My Freighter» MCHJ — 169,4 mlrd so‘m bilan kirdi.
Ikkinchi o‘nlikdan «Temir Yo‘l Infratuzilma» MCHJ — 168,3 mlrd so‘m, «O‘zaeronavigatsiya Markazi» DUK — 165,5 mlrd so‘m, «Universal Mobile Systems» MCHJ (Ucell) — 160,9 mlrd so‘m, «Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi» AJ — 152,1 mlrd so‘m, “Tezcoin” MCHJ — 88,8 mlrd so‘m, «YGO UB» MCHJ — 88,2 mlrd so‘m, «Information Technology Center» MCHJ — 86,5 mlrd so‘m, «Toshkent Metropoliteni» DUK — 85,2 mlrd so‘m, «Respublika Inkassatsiya Xizmati» MCHJ — 84,4 mlrd so‘m va «Qanot Sharq» MCHJ — 77,1 mlrd so‘m bilan o‘rin oldi.
Soliq qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, eng yirik soliq to‘lovchilardan tushgan mablag‘larning asosiy qismini foyda solig‘i — 1,5 trln so‘m (32,1%) va qo‘shilgan qiymat solig‘i — 1,4 trln so‘m (31,0%) tashkil etdi. Ijtimoiy soliq hisobiga 635 mlrd so‘m (13,6%), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i hisobiga 605,4 mlrd so‘m (13,0%), mol-mulk solig‘i hisobiga 147,1 mlrd so‘m (3,2%), aylanmadan olinadigan soliq hisobiga 121,7 mlrd so‘m (2,6%), yer solig‘i hisobiga 65,7 mlrd so‘m (1,4%) va boshqa soliqlar hisobiga 148,0 mlrd so‘m (3,1%) to‘g‘ri keldi.
Umuman, foyda solig‘i va QQS birgalikda xizmatlar sohasidagi eng yirik soliq to‘lovchilar tomonidan byudjetga o‘tkazilgan barcha soliq tushumlarining 63 foizdan ortig‘ini taʼminladi.