Raqobat qo‘mitasi 5,7 mlrd so‘mlik tender bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi boshlang‘ich qiymati 5,7 mlrd so‘m bo‘lgan 475 ta seysmik datchik to‘plamini xarid qilish tenderini o‘tkazishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan ish qo‘zg‘atdi.
Tekshiruvga ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan «Bir manzil, umumiy o‘tmish va milliardlik tender» nomli tanqidiy maqola asos bo‘ldi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi maʼlum qildi.
Materiallarni o‘rganish jarayonida Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Respublika seysmoprognostik monitoring markazi 2026 yil 4 avgust kuni seysmik datchiklarni xarid qilish bo‘yicha tender eʼlon qilgani aniqlandi.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, Qo‘mita Respublika seysmoprognostik monitoring markazi, “Drilltechpro” MCHJ hamda “Edulab” MCHJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonuni 29-moddasi talablariga rioya etilmagani alomatlarini aniqladi. Idora maʼlumotiga ko‘ra, xarid jarayoni ishtirokchilarining harakatlari raqobatni cheklagan yoki cheklashiga olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Aniqlangan holatlar munosabati bilan Respublika seysmoprognostik monitoring markazi, “Drilltechpro” MCHJ va “Edulab” MCHJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi.
Qo‘mita maʼlum qilishicha, ishni ko‘rib chiqish yakunlanganidan so‘ng qo‘shimcha maʼlumot eʼlon qilinadi.