Uzbekistan Airways Etihad Airways bilan Abu-Dabiga reyslarni yo‘lga qo‘yadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airways Etihad Airways bilan hamkorlikda O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirmoqda.
2026 yil 9 avgustdan aviakompaniya Abu-Dabi — Toshkent — Abu-Dabi yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yadi.
Aviakompaniya taʼkidlashicha, yangi yo‘nalishning ochilishi yo‘lovchilarga yagona aviachipta orqali BAA bo‘ylab sayohat qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Bundan tashqari, UzAirPlus loyallik dasturi ishtirokchilari Toshkent va Abu-Dabi o‘rtasidagi yangi reyslarda parvoz qilgani uchun bonus ballarini jamg‘arish imkoniga ega bo‘ladi.
Uzbekistan Airways maʼlum qilishicha, yangi yo‘nalishning yo‘lga qo‘yilishi sayohat imkoniyatlarini kengaytirish va O‘zbekiston hamda Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi aviaqatnovlarni yana-da mustahkamlashga qaratilgan.