Iqtisod

O‘zbekiston va Xitoy oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Xitoy oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Xitoy oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda / Foto: Oziq-ovqat xavfsizligi qoʻmitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov Xitoy Xalq Respublikasi Bosh bojxona boshqarmasi rahbari Sun Meyszyun bilan uchrashdi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini kengaytirish, fitosanitariya va veterinariya tartib-taomillari, shuningdek, sertifikatlashtirishni raqamlashtirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi xabar berdi.

Mahsulot xavfsizligini ishlab chiqarishdan tortib, uni sotuvga tayyorlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. O‘zbekiston uchun bu yo‘nalish oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yagona davlat boshqaruvi tizimi shakllantirilayotgan sharoitda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Yagona tizim Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2026 yil 12 maydagi «Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorati tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-84-sonli farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Hujjatda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalaridagi vakolatlarni yagona tizimga birlashtirish nazarda tutilgan.

Ayni paytda O‘zbekistondan Xitoyga fitosanitariya sertifikatlari asosida meva-sabzavot mahsulotlarining 38 turini eksport qilishga ruxsat berilgan. 2025 yilda ro‘yxatga qovun, bodom va quritilgan olcha, 2026 yilda esa quritilgan sarimsoq, piyoz, lavlagi, sabzi, pomidor, turp, qovoq, baqlajon, kabachki va ko‘katlar kiritilgan.

2025 yilda O‘zbekiston Xitoyga 210 million dollarlik 193 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qildi. Uchrashuvda yana yetti turdagi mahsulot, jumladan, olma, nok, piyoz, xurmo, quritilgan anjir, tariq va kungaboqar urug‘larini Xitoy bozoriga kiritish uchun fitosanitariya tartib-taomillarini tezlashtirish masalasi muhokama qilindi.

Tomonlar veterinariya sohasidagi hamkorlik masalalarini ham ko‘rib chiqdi. Ayni paytda O‘zbekistondan Xitoyga muzlatilgan parranda go‘shti, baliq va baliq mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha inspeksiya, karantin va veterinariya-sanitariya talablariga oid protokollar imzolangan.

Yirik va mayda shoxli qoramol terilarini eksport qilish talablariga oid protokol loyihasi mamlakat ichida kelishish jarayonidan o‘tmoqda.

Bundan tashqari, Xitoydan O‘zbekistonga inkubatsiya tuxumlari va bir kunlik jo‘jalarni import qilish uchun veterinariya sertifikatlari imzolangan. Muzlatilgan parranda go‘shtini eksport qilish uchun veterinariya salomatligi sertifikati ishlab chiqilib, kelishilgan.

Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston go‘shti va go‘sht mahsulotlarini Xitoy bozoriga kiritish tartib-taomillarini muhokama qildi. O‘zbekiston tomoni davlat veterinariya nazorati tizimini baholash uchun zarur materiallarni taqdim etdi va yuzaga kelgan savollar bo‘yicha qo‘shimcha maʼlumot yubordi.

Shuningdek, Xitoy bozorini O‘zbekistonning suti va sut mahsulotlari uchun ochish masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Jarayon veterinariya nazorati tizimini baholash, veterinariya-sanitariya talablarini kelishish, tegishli protokolni ishlab chiqish, manfaatdor korxonalarni inspeksiyadan o‘tkazish va ularni Xitoyning tegishli reyestrlariga kiritishni nazarda tutadi.

Hamkorlikning yangi yo‘nalishlaridan biri elektron sertifikatlashtirish bo‘ldi. Uchrashuv doirasida tomonlar ushbu sohadagi dasturlar bo‘yicha Ish rejasini imzoladi. Hujjat oziq-ovqat mahsulotlariga beriladigan sertifikatlarni bosqichma-bosqich elektron tarzda almashish, ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasida maʼlumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va savdo tartib-taomillarini soddalashtirishni nazarda tutadi.

Axborot tizimlarini integratsiya qilish va sertifikatlarni elektron almashish ularning haqiqiyligini tekshirishni tezlashtirishi, maʼlumotlarning ishonchliligi va kuzatuvchanligini oshirishi hamda mahsulotlarni rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirishi kerak.

Tizimlarni integratsiya qilish uchun tomonlar Xitoyning CEFR axborot platformasi bo‘yicha mutaxassislar uchun so‘rovnoma va maqsadli o‘quv dasturini ishlab chiqishga kelishib oldi. O‘zbekiston tomoni maʼlumotlariga ko‘ra, tizim takomillashtirilgan, hamkor davlat korxonalarini Xitoy reyestriga kiritish mexanizmi soddalashtirilgan.

Shuningdek, mahsulotlarni xavf darajasiga ko‘ra tasniflaydigan sunʼiy intellektdan foydalangan holda tekshiruvlar o‘tkazish amaliyoti joriy etilmoqda. O‘zbekistonlik mutaxassislar qiziqish bildirsa, tegishli texnologiyalar o‘quv dasturiga kiritiladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Azizbek Urunov va Sun Meyszyun yangi uzilgan tarvuzlarni eksport qilish to‘g‘risidagi Protokol hamda elektron sertifikatlashtirish bo‘yicha Ish rejasini imzoladi. Kelishuvlar savdo hajmini oshirish, maʼlumotlarni elektron almashishni rivojlantirish va eksport-import tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan.

Fitosanitariya talablarining kelishilishi O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va tarvuz eksport qiluvchilarining Xitoy bozoriga chiqishi uchun sharoit yaratadi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.