Texnologiyalar

JIF vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikni muhokama qildi

JIF vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikni muhokama qildi
JIF vakillari O‘zbekiston bilan hamkorlikni muhokama qildi / Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vazirligida Jahon iqtisodiy forumining (World Economic Forum — WEF) Yevropa va Yevroosiyo bilan hamkorlik yo‘nalishi rahbari Marven Garbaa hamda Europe & Eurasia – Centre for Regions, Trade & Geopolitics vakili Ditrix Djon bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida JIF faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, tashkilotning joriy loyihalari, shuningdek, O‘zbekistonning raqamli rivojlanish sohasidagi ustuvor vazifalari muhokama qilindi.

Maʼlumot uchun, Jahon iqtisodiy forumi davlat organlari, biznes, akademik doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiruvchi xalqaro platforma hisoblanadi.

Forum global va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi. U 1971 yilda tashkil etilgan bo‘lib, shtab-kvartirasi Shveysariyaning Kologni shahrida joylashgan.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston va JIF o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish imkoniyatlarini aniqlash va qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar o‘zaro muloqotni davom ettirish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ilgari surish bo‘yicha fikr almashdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.