Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — IT Park Ventures, Janubiy Koreyaning SparkLabs Group Management va Mirae Asset Venture Investment kompaniyalari SparkLabs Mirae Silk Road Fund I LP xalqaro venchur fondini tashkil etish bo‘yicha Term Sheet imzoladi.
Hujjat 15 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida Seul shahrida imzolandi.
O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Tilloyevich Mahsudov ishtirokida tomonlar, shuningdek, o‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) va Term Sheetni imzoladi.
Dastlabki shartlarga ko‘ra, qo‘shma fondning boshlang‘ich kapitali 2 million AQSH dollarini tashkil etadi va keyinchalik uni 10 million dollargacha oshirish imkoniyati mavjud. Investitsiya strategiyasi Series A va undan yuqori bosqichdagi yetuk startaplarga qaratilgan bo‘ladi.
IT Park Ventures fondda asosiy cheklangan sherik (anchor LP) sifatida ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Fondda ishtirok etish zarur yuridik va tartibga solish jarayonlari hamda tegishli korporativ maʼqullashlar olingandan keyin bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Fond faoliyati Markaziy Osiyo va O‘zbekistonga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Tomonlar mintaqa bilan bog‘liq istiqbolli texnologik kompaniyalarni birgalikda izlash va baholash, ularning xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish va global investitsiya ekotizimiga integratsiyalashuviga yordam berish niyatida.
Hamkorlik doirasida Toshkentdagi IT Park hududida SparkLabs ofisini ochish ham rejalashtirilmoqda. U Markaziy Osiyoda fond faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalarni izlash va IT Park Ventures bilan hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
SparkLabs — startaplarni akseleratsiya qilish, venchur investitsiyalar va xalqaro miqyosda kengaytirishga ixtisoslashgan Janubiy Koreya platformasi.
Kompaniya mentorlar, investorlar va korporativ hamkorlar tarmog‘i orqali faoliyat yuritadi. Uning hamkorlari orasida Google for Startups, Samsung, Mercedes-Benz Korea, KAIST va KISED bor. Faoliyat geografiyasi Janubiy Koreya, Avstraliya, Taybey, Saudiya Arabistoni va AQSHni qamrab oladi.
Mirae Asset Financial Group 1997 yilda Janubiy Koreyada tashkil etilgan.
Guruh aktivlarni boshqarish, investitsiya banki, venchur investitsiyalar va global moliyaviy xizmatlar sohalarida faoliyat yuritadi. Uning faoliyati 21 ta mamlakat va hududdagi 67 ta xalqaro ofis orqali amalga oshiriladi, boshqaruvidagi aktivlar hajmi esa taxminan AQSH dollarini tashkil etadi.