O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Jizzax viloyatida makkajo'xori qayta ishlash majmuasi quriladi

Dilafro'z Niyazova · 12.08.2026 · 15:00 · 38 views
Jizzax viloyatida makkajo'xori qayta ishlash majmuasi quriladi
Jizzax viloyatida makkajo'xori qayta ishlash majmuasi quriladi / Foto: O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning “Henan Bioindustry Group Co. LTD” kompaniyasi bosh direktorining o‘rinbosari Yunbin Du bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida loyihaning bugungi holati, uni amaliy bosqichga olib chiqish, zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi, logistika imkoniyatlari hamda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlardagi istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Jizzax viloyati Zomin tumanida makkajo‘xoridan shakar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasini barpo etish loyihasining amalga oshirilish jarayonini muhokama qildi.

Shuningdek, tomonlar korxonani barqaror xom ashyo bazasi bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahsulotni chuqur qayta ishlash va uni ichki hamda eksport bozorlariga yetkazib berishning samarali mexanizmlarini shakllantirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralar yakunida loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirish, o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tashkiliy masalalarni hamkorlikda hal etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur investitsiya loyihasi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni kengaytirish, yuqori qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda agrosanoatni modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.