O'zbekiston va Ozarbayjonning birinchi xonimlari "Oxun Guzar" ko'rgazma zaliga tashrif buyurishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva va Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining rafiqasi Mehriban Aliyeva Toshkentdagi «Oxun Guzar» shourumiga tashrif buyurdi. U yerda o‘zbek hunarmandchiligi anʼanalarini rivojlantirib, ularni zamonaviy talqinda qayta ifodalayotgan mahalliy brendlarning ishlari namoyish etilgan. Bu haqda O‘zbekiston birinchi xonimining Telegram-kanali xabar berdi.
Shourumda birinchi xonumlar mahalliy hunarmandlar va dizaynerlar tomonidan tayyorlangan buyumlar bilan tanishdi. Ularda milliy naqshlar, ko‘p asrlik hunarmandchilik anʼanalari va o‘zbek xalqining madaniy qadriyatlari aks etgan.
Madaniy dastur doirasida ozarbayjonlik mehmonlarga oilaviy hayotning turli bosqichlari bilan bog‘liq urf-odat va anʼanalar namoyish etildi. Inson hayotidagi eng muhim voqealardan biri sifatida oila qurish jarayoniga alohida eʼtibor qaratildi.
Mehmonlarga kelin sepini tayyorlash va so‘zana tikish bilan bog‘liq urf-odatlar, shuningdek, nikoh marosimlari hamda kelinni kuyov xonadoniga kuzatish anʼanalari ko‘rsatildi.
Dasturdan, shuningdek, «kelin salom» marosimi, «beshik to‘y» tantanasi va anʼanaviy onalar allasi ham o‘rin oldi.
Madaniy dastur O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining qator urf-odatlari va qadriyatlari mushtarak ekanini namoyon etdi. Ikki xalq hayotida oila, kattalarga hurmat, farzand tarbiyasi, mehmondo‘stlik va milliy anʼanalarni asrab-avaylash alohida o‘rin tutadi.