Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga Oʻzbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Doʻstlik” ordeni topshirildi.
Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Ozarbayjon Prezidentining qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan Oʻzbekiston xalqining samimiy hurmati va eʼtirofining ifodasi ekanini taʼkidladi.
– Siz ulugʻ otangiz – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda.
Ilhom Aliyevning Oʻzbekiston – Ozarbayjon koʻp qirrali munosabatlarini kengaytirishga qoʻshayotgan hissasi ham alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki davlat oʻrtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topishida aynan uning oʻrni beqiyos.
Oʻz navbatida, Ozarbayjon Prezidenti yuksak eʼtirof uchun mamlakatimiz yetakchisi va xalqiga minnatdorlik izhor etib, doʻstlik va oʻzaro hurmat ruhidagi har tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti – “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofotni davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.
Oʻzbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti va qardosh Ozarbayjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni abadiy doʻstlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yoʻlidagi qoʻshma saʼy-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini taʼkidladi.
– Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini Vataniga xizmat qilishga bagʻishlagan ulugʻ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan. Aynan shu inson Ozarbayjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haydar Aliyev Oʻzbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, ikki xalq yaqinlashuviga salmoqli hissa qoʻshgani taʼkidlandi.
Oʻzbekiston va Ozarbayjon kelgusida ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib, qardoshlik munosabatlari esa yangi amaliy mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.
Taʼkidlash joizki, “Haydar Aliyev” ordeniga turli yillarda Fransiya Prezidenti Jak Shirak, Quvayt Amiri Saboh as-Saboh, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan, Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va boshqa koʻplab davlat arboblari sazovor boʻlgan.