7
O‘zbekiston

O‘zbekiston davlat organlari 43 turdagi maʼlumotni oshkor qilishi shart

O‘zbekiston davlat organlari 43 turdagi maʼlumotni oshkor qilishi shart
O‘zbekiston davlat organlari 43 turdagi maʼlumotni oshkor qilishi shart / Foto: my.gov.uz.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston davlat organlari va tashkilotlari jamoatchilik uchun ahamiyatli bo‘lgan 43 turdagi maʼlumotni Ochiq maʼlumotlar portali va o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilishi shart.

Tegishli maʼlumotlar ro‘yxati qonunchilikda belgilangan.

Ushbu ro‘yxatga mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijiy mehmonlarni qabul qilish uchun sarflangan xarajatlari, xizmat transport vositalari va uy-joylardan, shuningdek, idoralar tasarrufidagi boshqa ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanish to‘g‘risidagi maʼlumotlar kiradi.

Xarid komissiyalari tarkibi va davlat xaridlari, bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar hamda ishga qabul qilish uchun zarur hujjatlar haqidagi maʼlumotlar ham oshkor etilishi lozim.

Bundan tashqari, idoralar hududlar kesimida haj safariga borish navbati, davlat oliy taʼlim muassasalarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy byudjet mablag‘laridan foydalanish, shuningdek, bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha arizalar navbati haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilishi kerak.

Ushbu maʼlumotlarni o‘z vaqtida va sifatli joylashtirish uchun jamoatchilik bilan aloqalar va fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘linmalari masʼul hisoblanadi.

O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirishini hamda belgilangan talablarga rioya etilishini muntazam kuzatib borishini maʼlum qildi.

Korrupsiya holatlari haqida fuqarolar 1253 telefon raqami orqali xabar berishlari mumkin.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.