O‘zbekiston

Qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Gruziyada ushlanib, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirildi

Qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Gruziyada ushlanib, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirildi
Qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Gruziyada ushlanib, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan va xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Gruziyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistondagi Interpol Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

Qidiruvdagi shaxs O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan jinoyat ishi doirasida xalqaro qidiruvga berilgan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida erkak Gruziya hududida ekani aniqlangan. Shundan so‘ng O‘zbekiston va Gruziya Interpol Milliy markaziy byurolari o‘rtasida uni qidirish, ushlash va keyinchalik ekstraditsiya qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Gruziyaning vakolatli organlari qidiruvda bo‘lgan shaxsni ushlagan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasining uni ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosnomasi qanoatlantirilgan. Qonunchilikda belgilangan tartib-taomillar yakunlanganidan so‘ng Gruziya tomoni fuqaroni O‘zbekistonga topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Ikki davlat Interpol MMB xodimlari ishtirokida qidiruvda bo‘lgan shaxs Gruziyadan ekstraditsiya qilinib, qonunchilikka muvofiq keyingi protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonga olib kelingan.

O‘zbekiston Interpol MMBda qayd etilishicha, ekstraditsiya xalqaro qidiruv doirasida xorijiy huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan muvofiqlashtirilgan hamkorlik natijasi bo‘lgan.

O‘zbekistondagi Interpol Milliy markaziy byurosi xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslarning turgan joyini aniqlash, ularni ushlash va ekstraditsiya qilish masalalari bo‘yicha boshqa davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.