Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston MDH doirasida integratsiyalashgan logistika markazlarini tashkil etish, tranzit xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, yuk tashish qoidalarini birxillashtirish va yagona transport axborot tizimini shakllantirish tarafdori. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni Turkmanistonning Avaza shahrida bo‘lib o‘tgan MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida shunday pozitsiyani bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari, shuningdek, O‘zbekiston Turkmanistonning 2029 yilni Hamdo‘stlikda transport bog‘liqligi yili deb eʼlon qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini maʼlum qildi.
Transport bog‘liqligi Prezident MDH mamlakatlariga taklif etgan ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kirdi. U erkin savdo hududining to‘laqonli faoliyat yuritishi, oziq-ovqat xavfsizligi, maxsus iqtisodiy zonalarni yagona tarmoqqa birlashtirish va energetika sohasidagi bog‘liqlikni taʼminlash masalalarini ham qayd etdi.
Mirziyoyev iqtisodiy integratsiya va ishlab chiqarish kooperatsiyasi barqarorlik hamda taraqqiyotning asosiy omillaridan biri bo‘lib qolayotganini taʼkidladi.
U tovarlarni oddiy ayirboshlashdan bosqichma-bosqich qiymat qo‘shish zanjirlarini birgalikda yaratishga o‘tishni taklif qildi. Buning uchun birgalikda ishlab chiqarish, investitsiya kiritish va tashqi bozorlarga chiqish zarurligini qayd etdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, dunyo tubdan o‘zgarmoqda: taranglik kuchayib, odatiy iqtisodiy aloqalar qayta shakllanmoqda.
Uning taʼkidlashicha, bunday sharoitda ishonchni mustahkamlash, pozitsiyalarni tez-tez muvofiqlashtirib borish va kelishuvlardan aniq amaliy natijalar olish muhimdir.
Prezident Turkmanistonning MDHga raisligini ham yuqori baholadi.
Kelasi yili MDHga raislik O‘zbekistonga o‘tadi. Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini Buxoro shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan.