Oʻzbekiston va Eron Tehronda siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 17-avgust kuni Tehron shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev, Eron Islom Respublikasi delegatsiyasiga esa tashqi ishlar vazirining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Majid Taxti-Ravonchi rahbarlik qildi.
Maslahatlashuvlar davomida tomonlar O‘zbekiston-Eron munosabatlarining bugungi holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, siyosiy muloqotni mustahkamlash va ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-tranzit aloqalarini kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, o‘zaro manfaatli bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi muntazam siyosiy muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.