O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

O‘zbekiston va Xitoy oftalmologiya sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Dilafro'z Niyazova · 18.08.2026 · 12:40 · 1 views
O‘zbekiston va Xitoy oftalmologiya sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Xitoy oftalmologiya sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda / Foto: Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Xitoy oftalmologiya sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda. Hamkorlik doirasida mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish va qo‘shma jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2019 yildan buyon «Bir makon, bir yo‘l» dasturi doirasida Xitoy shifoxonalari va kompaniyalari bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaga muhtoj 4 mingdan ortiq katarakta bilan kasallangan fuqaroga jarrohlik yordami ko‘rsatildi.

Ayni paytda «Nur va ezgulik ulash» aksiyasi oltinchi marta o‘tkazilmoqda. Uning ochilish marosimi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib o‘tdi.

Aksiya doirasida 150 nafar bemorning ko‘rish qobiliyatini tiklash rejalashtirilgan. Tadbir ikki davlat o‘rtasida rivojlanib borayotgan tibbiy hamkorlik doirasida Xitoy tomoni ishtirokida o‘tkazilmoqda.

Marosim davomida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri maslahatchisi Elmira Basitxanova Xitoyning «Asia-Europe International Materials Trading Center» kompaniyasi rahbari Chjan Syunpinga «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash aʼlochisi» ko‘krak nishonini topshirdi.

O‘zbekistonlik va xitoylik oftalmologlar hamkorligi zamonaviy diagnostika va davolash usullari bo‘yicha muntazam tajriba almashish, shuningdek, qo‘shma jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati aksiyaning o‘tkazilishi haqidagi videolavhani yaqin vaqt ichida taqdim etishini maʼlum qildi.