Toshkentda 1 sentyabr oldidan «Maktab bozorlari» ochildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda «Maktab bozorlari» ish boshladi. Ularda shahar aholisi yangi o‘quv yili boshlanishi oldidan o‘quvchilar uchun zarur bo‘lgan kanselyariya buyumlari, darsliklar va boshqa tovarlarni xarid qilishi mumkin.
«Maktab bozorlari» umumtaʼlim maktablari, dehqon bozorlari va shahar savdo majmualarida tashkil etilgan. Jumladan, ularning ishi bilan “O‘rikzor” savdo majmuasi va “Farhod” dehqon bozoridagi savdo maydonchalarida tanishish mumkin.
Savdo maydonchalari, shuningdek, “Aviasozlar”, “Askiya”, “Chilonzor”, “Mirabod”, “Navro‘z”, “Sergeli”, “Farhod”, «Eski Juva», “Yunusobod” va “Qoraqamish” oziq-ovqat bozorlarida ham ishlamoqda.
“Aviasozlar” bozorida «Maktab bozori» avtoturargoh hududidagi maydonchalarda joylashgan. “Askiya” bozorida savdo joylari Shota Rustaveli ko‘chasi tomonidan kirish qismi o‘ng tarafida hamda orqa kirish qismi hududida tashkil etilgan.
“Chilonzor” bozori hududida yarmarka Bunyodkor va Farhod ko‘chalari kesishmasida, avtoturargohda, shuningdek, 3-mavzedagi «Katta Chilonzor-3» MSG hududida, 55-b uyda ishlamoqda. “Mirabod” bozorida savdo joylari Avliyoota ko‘chasida, «Mirabod oziq-ovqat bozori» AJ kirish qismi yonida joylashgan.
“Navro‘z” bozoridagi «Maktab bozori» asosiy bozor hududida tashkil etilgan. “Sergeli” bozorlari hududida savdo maydonchalari Sergeli-6, Sergeli-7 va Sergeli-2 mavzelarida, Sergeli-4 mavzesi yerosti o‘tish yo‘li yonida, Sergeli-1 filialida hamda Qo‘yliq-5 mavzesidagi asosiy bozorlar atrofida ishlamoqda.
“Farhod” bozorida savdo joylari Farhod ko‘chasi, 30-uy manzilida, yarmarkaning orqa qismida, Farhod ko‘chasi tomonidan asosiy kirish darvozalari yonida, shuningdek, Farhod ko‘chasi — G9a hududida joylashgan.
«Eski Juva» bozori hududida «Maktab bozori» katta sakkiz qirrali zinapoya etagida, shuningdek, TIM-1, TIM-2 va ochiq metro hududlarida ishlamoqda. «Yunusobod oziq-ovqat bozori» AJ hududida ham yarmarka bevosita bozorning o‘zida tashkil etilgan.
“Tansikboyev” filialida “Qoraqamish” bozorining «Maktab bozori» faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, “Chilonzor”, “Chorsu” va “O‘rikzor” savdo majmualarida ham savdo maydonchalari tashkil etilgan.
“Chilonzor”da ular savdo majmuasi hududida, “Chorsu”da asosiy kirish qismi yonida va DM-74 hududida, “O‘rikzor”da esa asosiy kirish darvozalarining chap tomonida joylashgan.