Toshkentda 10 tuman hokimiga nisbatan tekshiruv boshlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar hokimligi poytaxtning o‘n ikki tumanidan o‘ntasi hokimlariga nisbatan xizmat tekshiruvini boshladi. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umurzakovning E-qaror portalida eʼlon qilingan farmoyishida maʼlum qilingan.
Xizmat tekshiruvini o‘tkazishga 22 iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan kiritilgan taqdimnoma asos bo‘lgan.
Tekshiruv Olmazor, Bektemir, Mirabod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod va Yashnobod tumanlari hokimlarini qamrab oladi.
Xizmat tekshiruvini o‘tkazish besh nafardan iborat komissiyaga topshirildi. Komissiyaga Toshkent shahar hokimligi komplayens va ichki korrupsiyaga qarshi nazorat xizmati boshlig‘i Shuhrat Turdiqulov rahbarlik qiladi.
Komissiya tarkibiga, shuningdek, shahar hokimi apparati rahbari Shahrux Mamadanov, hokimlikning tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Xondamir Turgunov, yuridik boshqarma boshlig‘i Mahkam Vahidov hamda murojaatlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Nigora Sabitova kiritilgan.
Farmoyishga ko‘ra, komissiyaga xizmat tekshiruvini xolis va har tomonlama o‘tkazish hamda uning yakunlari bo‘yicha tegishli xulosalar tayyorlash vazifasi yuklatilgan.
Zarurat tug‘ilganda, tekshiruvga tegishli davlat organlarining sohaviy mutaxassislari ham jalb qilinishi mumkin.