Noqonuniy ravishda forma kiyishni taqiqlovchi qonun loyihasi ikkinchi o'qishda qabul qilindi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar davlat tuzilmalari xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokama qildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat organlarining tasdiqlangan harbiy yoki idoraviy formali kiyim-boshiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash hamda unga xos farqlovchi belgilar va (yoki) ramzlarga ega formali kiyim-boshni kiyib yurganlik yoki joriy etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Ushbu normalar, eng avvalo, fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga, davlat organlariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.
Muhokamalar davomida qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida uning normalari mas’ul qo‘mita va deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirokida batafsil muhokama qilinib, deputatlar takliflari asosida hujjat matni yanada takomillashtirilgani ta’kidlandi.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi formali kiyim-boshlar bilan bog‘liq qoidalarni yanada tartibga solishga, ularni qonunga xilof ravishda kiyib yurish yoki joriy etish hollarining oldini olishga, mazkur qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.